Qarshi davlat universiteti
180119, Qarshi shahri
Ko‘chabog‘ ko‘chasi, 17-uy
kasu_info@edu.uz
Qarshi davlat universiteti Kengashi (bundan keyin – Kengash) universitetning doimiy faoliyat yurituvchi oliy kollegial organi hisoblanadi. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaror, Farmon va Farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Hay’at qarorlari va buyruqlari, Oliy ta’lim to‘g‘risidagi Nizom, Qarshi davlat universiteti Ustavi va Kengash Nizomi asosida faoliyat yuritadi.
Kengashning vazifalari va vakolatlari:
Kengash Qarshi davlat universiteti faoliyatiga oid asosiy yo’nalishlar bo’yicha ish olib boradi. Jumladan:
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarining qat’iy bajarilishini o‘rganib chiqadi hamda ustuvor masalalar bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar belgilaydi;
fakultetlarning o‘quv, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlari to‘g‘risidagi, akademik litseylar, universitet qoshidagi ilmiy jamiyatlarning faoliyati to‘g‘risidagi, qabul komissiyasining qabul natijalari to‘g‘risidagi, shuningdek talabalar amaliyoti bo‘limi tomonidan bitiruvchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji, buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi hamda tegishli qaror qabul qiladi;
ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalari ijrosi, professor-o‘qituvchilar tarkibining malaka oshirish va qayta tayyorlash masalalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
universitet rivojlanishining yillik va istiqbolli rejalarini tasdiqlaydi, moddiy-texnik ta’minot va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
fakultet va kafedralarni ochish, tugatish, o‘zgartirish, shuningdek talabalar amaliyoti bo‘limi takliflarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish yoki to‘xtatish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qaror qabul qiladi;
“Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq professor- o‘qituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazadi;
professor, dotsent ilmiy unvoniga talabgorlar hujjatlarini ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda ilmiy unvonga tasdiqlashga taqdim etadi;
ta’lim jarayonining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligi, yangi avlod darslik va o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llashga asoslangan o‘quv-uslubiy majmualarni tayyorlash va nashr etish masalalarini muhokama qiladi;
doktorant, tayanch doktorant, stajyor tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchi institutlariga nomzodlarni tavsiya etadi, ularning shaxsiy rejalari va dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlaydi;
xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Kengash tarkibi rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, universitet tarkibiga kiruvchi mustaqil tashkilot va mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudirlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari rahbarlaridan tashkil etiladi. Kengash tarkibiga boshqa manfaatdor idoralar vakillari, uzluksiz ta’lim tizimi muammolari bilan shug‘ullanadigan taniqli olim va mutaxassislar kiritilishi mumkin. Hozirgi kunda universitet Kengashi tarkibi 49 nafar a’zodan iborat.